Endi 10-yilgacha: karantin qoidasini buzganlik uchun jazo kuchaytirildi

Senatda karantin qoidalariga rioya etmaslik uchun jazo choralarini kuchaytirishga qaratilgan qonun ma’qullandi.
Sputnik

TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Senat yalpi majlisida karantin qoidalariga rioya etmaslik uchun jazo choralarini kuchaytirishga qaratilgan qonun ma’qullandi. Bu haqda AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev ma’lum qildi.

Endilikda karantin qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdori fuqarolar uchun — 6 690 000 so‘mgacha, mansabdor shaxslar uchun — 11 150 000 so‘mgacha oshirildi.

Qayd etilishicha, jinoiy jazo ham kuchaytirilib, 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Shuningdek, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish, aholi orasida vahima chiqarish uchun ham — jinoiy javobgarlik belgilandi.

Qarshida karantin qoidalarini buzgan bir necha kishi javobgarlikka tortildi

Erkin Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, 15-martdan shu kunga qadar karantinda bo‘lish qoidalarini buzgan 90 nafar fuqaro aniqlanib, 87 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Yana 3 nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilayotgani xabar qilingan edi. Jinoyat kodeksiga yangi modda kiritilib, ushbu qoidabuzarlik uchun qattiq jazo qo‘llaniladi.