TOShKENT, 24 mar - Sputnik. Koronavirus jamiyat turmush tarzini o‘zgartirib yuborayotgan vaqtda ijtimoiy tarmoqlardagi mo‘may daromad olish yo hech bo‘lmasa biroz shov-shuv ko‘tarib o‘z kanalidagi obunachilar sonini oshirmoqchi bo‘lganlar ko‘paydi. Quyida shular haqida to‘xtalamiz.
Ichki ishlar vazirligida Bosh prokuratura hamda boshqa mutasaddi organlar bilan birgalikda olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida esa ayni karantin vaqtida mamlakatdagi haqiqiy vaziyatni sohtalashtirib talqin qilib kelgan 33 ta soxta akkaunt aniqlandi.
Joriy yilning 23-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki koronavirusga qarshi vaksina yaratilgani, bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp xabar bergani haqida xabar tarqatildi.
Bir ozdan so‘ng esa karantin vaqtida rasman tashkil etilgan “CoronavirusInfo” kanali orqali ushbu xabarning “feyk” ekanligi tasdiqlandi va hozircha karantinni davolay oladigan hech qanday vaksina yaratilmagani, bu dori emas, balki virus bor - yo‘qligini aniqlovchi test ekanligi aytildi.
Avvalroq «karantin doirasida avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari yopiladi” degan asossiz xabar tarqatilib, hech qancha vaqt bo‘lmay, bu xabar ham yolg‘on ekanligi “CoronavirusInfo” kanali orqali ma’lum qilindi.
Shuningdek, «Har bir fuqaroga haftasiga 300 ming so‘mdan berilishi” haqidagi xabar ham xuddi shunday rad etildi.
Internet tarmoqlarda yana Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasidagi dorixonada Qoronavirusga qarshi dori vositasi mavjudligi to‘g‘risida e’lon osilgan suratlar tarqaldi.
Xabar tarqalgach, dorixona rahbari orqali ushbu e’lonni olib tashlandi va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik bo‘yicha tushuntirish ishlari o‘tkazildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Koronavirus o‘pkaga o‘tishidan avval, tomoqda 4 kungacha saqlanib turishi, shu paytda yo‘tal va tomoq og‘riq boshlanishi, agar shu davrda ko‘p suv ichilsa, tuz va uksusli suvda tomoq chayqalsa, virus yo‘qolishi” mazmunida tarqalgan xabar yuzasidan ham Bosh prokuratura xuzuridagi Departamentning axborot xizmati orqali raddiya berildi.
Yana «Bugun 23:00 va tonggi 5:00 gacha vertolotlar dezinfeksiya uchun dori sepadi. Deraza va balkonlar yopiq bo‘lishi lozim va 23:00dan so‘ng ko‘chalarda yurish mumkin emas. Harbiy qismdan xabar berishdi” kabi tarqatilgan xabar ham bir ozdan so‘ng “feyk” bo‘lib chiqdi.
«Do‘konlar, avtobuslar va ko‘chalarda bolalar aniqlansa, ota-onalari jarimaga tortiladi”, mazmunidagi tarqalgan xabarning asossiz ekanligi haqida zudlik bilan ma’lum qilindi.
Xullas quyida yuqoridagi kabi asossiz tarqatilgan yana bir qancha “feyk” xabarlar haqida eslash mumkin;
- "Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ertadan boshlab maktablarda reydlar o‘tkaziladi. Maktabda qo‘shimcha darslar yoki to‘garaklarda ishtirok etayotgan o‘quvchilar aniqlansa, maktablar jarimaga tortiladi";
- Koronavirus kasalligi tufayli o‘lim holati aniqlangani;
- Telefon qo‘ng‘iroqlar va xabarlar yozilishi, ijtimoiy tarmoqlarning monitoring qilib borilishi to‘g‘risida;
- "GroupSurxondaryo" guruhidagi koronavirus haqida, ya’ni, “Jo`rabayevada Bor ekan 2 kishi aniqlandi 30 daqiqa oldin” degan mazmundagi odamlarni chalg‘ituvchi, jamiyatda vahima uyg‘otuvchi yolg‘on ma’lumot shular jumlasidandir;
- Yuqoridagi kabi tarqalgan har bir xabarga rasman tashkil etilgan “Koronavirus Info” kanali orqali raddiya berilishi barobarida, uning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, buning uchun jarima jazosi belgilangani haqida ham ogohlantirildi.
Vahimali va “feyk” xabarlarni tarqatgan shaxslarga nisbatan 66 mln 900 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima, 3-yildan 5-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3-yildan 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosining begilanishi aytildi.
Ichki ishlar vazirligida Bosh prokuratura hamda boshqa mutasaddi organlar bilan birgalikda olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida esa ayni karantin vaqtida mamlakatdagi haqiqiy vaziyatni sohtalashtirib talqin qilib kelgan 33 ta soxta akkaunt aniqlandi.
Ulardan 13 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, to‘qqiz nafari bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. To‘rt nafarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunda belgilangan tartibda jazo choralari ko‘rilishi aytildi.