Onlayn konsert va yostiqlar jangi: san’atkorlar karantinni qanday o‘tkazmoqda?

Odatda muxlislar diqqat markazida bo‘ladigan san’atkorlar bugun karantinda nima bilan mashg‘ul? Bu haqda Sputnik reportajini o‘qing
Sputnik

TOShKENT, 23 mar - Sputnik. Koronavirus hammaning hayotini o‘zgartirib yubordi, ammo hech kim unga taslim bo‘lmoqchi emas. Jamoatchilik to‘planadigan joylar yopiq, deb e’lon qilingani bilan, o‘zbek san’atkorlari ishsiz o‘tirmagani ma’lum bo‘ldi: kimdir repetitsiya qilib, muxlislar uchun onlayn konsertlar qo‘yayotgan bo‘lsa, kimdir bekorchilikda yostiqlar jangini o‘tkazmoqda. 

DJ Piligrimdan yangi tarona premyerasi

— Ayni damda uyda, ijod bilan bandman. "Man daydi" nomli yangi yozilgan qo‘shig‘imning premyerasini ham jonli efirda o‘tkazmoqchiman. Umuman, karantinda sanitariya-gigiyenik qoidalariga e’tibor berib, o‘zimning odatiy hayotimda yashayapman. Deyarli ko‘chaga chiqmayapman, toza havoda tabiat qo‘ynida sayr qilib kelyapman, xolos. Muxlislarga esa vahimaga berilmasdan hotirjam bo‘lishni, vaqtlarini xursandchilik bilan o‘tkazishlarini maslahat beraman.

Rayhon yangi qo‘shiqlar ustida ishlayapti

— Ko‘pchilik biladi, yaqinda yakkaxon konsert dasturimni taqdim etdim. Shu bois, bugun hech qayerga chiqmasdan, uyda bolalarim bilan birga hordiq chiqarayapman. Bo‘sh vaqtimda ijod bilan shug‘ullanib, yangi qo‘shiqlar g‘oyasi bilan tanishib turibman. Hammaga bir gapni takrorlayapman, muxlislarga ham shuni aytmoqchi edim: ortiqcha havotirga berilmasdan, sabr qilib, o‘zlarini ehtiyot qilib yurishlarini... Hammasi o‘tib ketadi, hammasi yaxshi bo‘ladi.

Ozoda Nursaidova sport bilan mashg‘ul

— Uyda ijod bilan shug‘ullanyapman. Ko‘proq vaqtim tadbir, to‘y va teledasturlarda o‘tayotganligi bois, oila davrasida kamroq bo‘layotgandim. Mana endi imkoniyat bo‘ldi, uyda o‘tirib, hamma bajarilmay qolgan ishlarimni bitirib, o‘z ustimda ishlayapman. Vazn to‘plamaslik uchun uyda sport bilan shug‘ullanyapman. Muxlislarga esa qo‘rqmasliklarini, immunitetlarini ko‘tarib, shamollab qolmaslikka harakat qilishlarini tavsiya qilaman.