Ekipajlarning karantinda bo‘lishi sababli charter reyslar 3 kunga qoldirildi

Ta’kidlanishicha, reyslarning aniq vaqti haqidagi ma’lumotlar rasmiy kanallar orqali o‘z vaqtida e’lon qilinadi.
Sputnik

TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Ekipajlarning karantinda bo‘lishi sababli charter reyslar 3 kunga qoldirildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

“Hozirgi epidemiologik vaziyat sharoitida, xususan, “Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi ekipaji noqulay epidemiologik holatdagi mamlakatlardan qaytganidan so‘ng karantinda bo‘lishi sababli, reyslarni tashkil qilish 3 kunga qoldirildi”, - deyilgan xabarda.

Xabarda reyslarning aniq vaqti haqidagi ma’lumotlar rasmiy kanallar orqali o‘z vaqtida e’lon qilinishi qo‘shimcha qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Novosibirsk shahri aeroportida qolib ketgan fuqarolar O‘zbekistonga olib kelingani xabar qilingan edi. O‘zbekiston vatanga qaytish istagini bildirgan fuqarolarga ko‘maklashishda davom etmoqda. Ayni damda turli yo‘nalishlarda 19 ta charter reyslari, Rossiya, Turkiya va Koreyadan muntazam charter reyslarini tashkillashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.