Chexiya SSV koronavirusni davolashda yordam beradigan dori nomini aytdi

Adam Voytex yangi koronavirusni keltirib chiqaradigan COVID-19 kasalligiga qarshi kurashda qaysi preparat yordam berishi mumkinligini aytdi.
Sputnik

TOShKENT, 23 mar - Sputnik. Chexiya Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Adam Voytex yangi koronavirusni keltirib chiqaradigan COVID-19 kasalligiga qarshi kurashda Plaquenil preparati yordam berishi mumkinligini aytdi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.

Yakshanba kuni mamlakatning inqiroz shtabining rahbari, Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarining o‘rinbosari Roman Primula Chexiya televideniyesida virusni yuqtirilgan odamning tanasidan chiqarilish vaqtini kamaytiradigan dori mavjudligi haqida xabar berdi, ammo u ushbu dori nomini oshkor qilmadi.

“Mavjud ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Plaquenil preparati COVID-19 kasalligini davolashda samarali bo‘lishi mumkin deb hisoblanadi, shuning uchun uning yetishmovchiligini oldini olish kerak”, - dedi Voytex.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik allergologiya, klinik immunologiya, dermatovenerologiya va revmatologiya sohasidagi mutaxassislar hamda infektologlardan tashqari barcha shifokorlarga Plaquenil buyurishni taqiqladi.

Koronavirusga qarshi qaysi retseptga ishonsa bo‘ladi - ekspert javobi

Agar retseptda bemorning tashxisi va shifokorning ixtisosligi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, dorixonalarga dori berish taqiqlanadi. Preparat ikki oydan ortiq muddatga buyurilmasligi lozim.

Plaquenil preparati Fransiyaning Sanofi Aventis kompaniyasi tomonidan bezgakka qarshi vosita sifatida ishlab chiqariladi.

Yakshanba kuni Yaponiya “Favipiravir” va “Favilavir” deb ham nomlanuvchi “Avigan” preparatini yangi koronavirus infeksiyasi tufayli kelib chiqqan pnevmoniyani davolash uchun istiqbolli vosita sifatida klinik sinovlarini boshlaganligi ma’lum bo‘ldi.

Bir necha kun oldin, AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatda hozirda koronavirus bilan kurashish uchun gidroksixloroxin preparati sinovdan o‘tkazilayotganini aytdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni yangi COVID-19 koronavirusli infeksiyasi avj olishini pandemiya deb e’lon qildi. Dunyoda 340 mingdan ortiq odam yuqtirib oldi, 14,7 mingdan ortiq odam vafot etdi. Yana 97 mingdan ziyod kishi tuzalib ketdi. O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlanganlar soni 23-mart holatiga ko‘ra 46 kishini tashkil qilmoqda.