Angela Merkel karantinga joylashtirildi

Angela Merkel muloqotda bo‘lgan shifokor koronavirusga chalingani ma’lum bo‘lganidan so‘ng Germaniya kansleri karantinga joylashtirildi.
Sputnik

TOShKENT, 23 mar - Sputnik. Germaniya federal kansleri Angela Merkel 22-mart kuni o‘z uyida karantinga joylashtirildi. Bu haqida Germaniya hukumatining rasmiy vakili Shteffen Zaybert xabar qilgan, Sputnik Germaniya xabariga asosan. 

Xabarda aytilishiga ko‘ra, 20-mart kuni Angela Merkel pnevmokok infeksiya vaksinasi ukolini olgan. Keyinroq esa kanslerni ukol qilgan vrach koronavirus infeksiyasi bilan kasallangani ma’lum bo‘lgan.

Shundan so‘ng Merkel koronavirus testi topshirgan, lekin uning natijasi ishonchli bo‘lmagan. Shu sababli Merkel yana bir necha kun davomida karantinda bo‘ladi va koronavirusga qarshi testlar topshiradi, deyilgan xabarda.  

Ma’lumot uchun, bugungi kunda Germaniyada koronavirusga chalingan fuqarolar soni 22100 kishini tashkil qilgan, vafot etganlar 55 kishi. Har kuni Germaniyada kasallanganlar soni o‘rtacha 1700 kishiga ortib bormoqda.