TOShKENT, 21 mar - Sputnik. Toshkent viloyati IIBB Parkent tumani IIB xodimlari tomonidan Samarqand viloyatida karantinda bo‘lib turib, belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay qochgan shaxs ushlandi.
Tafsilotlarga ko‘ra, joriy yilning 19-mart kuni Rossiya Federatsiyasining Samara shahridan O‘zbekistonga kirib kelgan poyezd yo‘lovchilari, epidemik vaziyatdan kelib chiqib, o‘rnatilgan tartibda, Samarqand viloyatiga tashkil etilgan karantin markazlariga joylashtirilgan.
Ammo, Parkent tumanida yashovchi 1954-yilda tug‘ilgan fuqaro T. E. belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay karantindan qochgan.
Hozirda ushbu shaxs o‘z uyida ushlangan va ehtiyot chorasi sifatida izolyatsiyaga olingan. Shuningdek, fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Batafsil ma’lumot beriladi.
Mamlakatimizda infeksiyasining keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida karantin e’lon qilingan. Mazkur vaziyatda davlat idoralarining asosiy vazifalaridan biri aholi o‘rtasida sarosimaga yo‘l qo‘ymaslik va qisqa muddat ichida mazkur infeksiyaning tarqalishiga qarshi kurashishdir. Shu bilan birga, aholi tinchligi va jamoat tartibini saqlagan holda jinoyatchilikning oldini olishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortiladi.