TOShKENT, 21 mar - Sputnik. 21-mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov hamkasbi, Rossiya Federatsiyasi tashqi siyosat idorasi rahbari Sergey Viktorovich Lavrovni 70 yoshga to‘lgani munosabati bilan tabrik maktubi yo‘lladi, deb xabar berdi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
"O‘zbekiston TIV rahbari maktubida 2020-yil 20-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev "O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik aloqalarini rivojlantirishdagi ulkan yutuqlari, barcha sohalardagi ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashdagi muhim hissasi uchun Sergey Viktorovich Lavrovni "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida"gi qarorni imzolagani qayd etildi", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, tabrikda Sergey Lavrovni O‘zbekistonda "taniqli davlat va siyosat arbobi, tajribali rahbar, yuqori malakali diplomat va Rossiyaning haqiqiy vatanparvari" sifatida tanishlari va u butun dunyoda hurmat qozongani ta’kidlangan.
Rossiya Federatsiyasi tashqi siyosat idorasi rahbarining hozirgi O‘zbekiston-Rossiya hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga chiqarishga, strategik va sherikchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi yuqori baholandi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik izchil rivojlanib borishiga ishonch bildirildi.