O‘zbekistonda yangi gaz koni topildi

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida joylashgan maydoni 40,0 kv.km bo‘lgan quduqdan sanoat miqyosida kunlik 157 ming kub metr gaz oqimi olindi - "O‘zbekneftgaz" AJ.
Sputnik

TOShKENT, 19 mar - Sputnik. Qashqadaryo viloyati hududida olib borilgan geologiya qidiruv ishlari samarali natija berdi deb xabar qilmoqda "O‘zbekneftgaz" AJ. 

Buxoro-Xiva hududida joylashgan “O‘rtabuloq” koni 1-izlov qudug‘i ochiq o‘zanida (2849-2885 metr oralig‘ida) terregin-yura yotqiziqlarining XVIII qatlamida sinov ishlari olib borildi. Natijada quduqdan sanoat miqyosida kunlik 157 ming kub metr gaz oqimi olindi. Ta’kidlash joiz, “O‘rtabuloq” konidagi ushbu qatlamdan birinchi bor uglevodorod oqimi olinishidir.

"O‘rtabuloq" (terregin-yura) koni ma’muriy jihatdan Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida joylashgan bo‘lib, uning maydoni 40,0 kv.km.ni tashkil etadi, - deyilgan xabarda. 

"O‘zbekneftgaz" AJning 2020-yilga mo‘ljallangan "Uglevodorod xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash" dasturi doirasida Respublikamizning Usturt, Buxoro-Xiva va Farg‘ona hududlarida geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda.