TOShKENT, 19 mar — Sputnik. Tojikiston 2020-yil boshidan buyon qo‘shni respublikalarga elektr quvvati eksportini 2,1 marta pasaytirdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Tojikiston Avesta axborot agentligiga tayangan holda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilning yanvar va fevral oylarida Tojikiston qo‘shni respublikalarga 3,7 million dollarga elektr energiya eksport qilgan
Bu 2019-yildagi xuddi shu davrga taqqoslaganda 52,6% pastroqdir. Xususan, o‘tgan yilning birinchi ikki oyida Tojikiston qo‘shnilarga 7,8 million dollarga elektr energiya yetkazib bergan.
Tojikiston 2019-yilda Afg‘oniston va O‘zbekistonga yetkazib bergan elektr energiyasidan 91 milliondan ko‘p daromad ko‘rgan.
Jumladan, Afg‘onistonga jami 60,6 million dollarga 1,4 milliard kVt/s elektr energiyasi yetkazib berilgan.
O‘zbekistonga elektr energiyasi bir kilovatti 2 sent narxida yetkazib berilmoqda. Shu bois, respublikaga yetkazib berilgan 1,4 milliard kVt/s elektr energiyasi uchun Tojikiston 28,5 million dollar daromad olgan.
"Barki tochik" davlat energoxoldingi ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yilda Tojikiston Afg‘onistonga elektr energiya eksportini 1,6 milliona kVt/s ga oshirmoqchi.
O‘zbekistonga yetkazib beriladigan elektr energiyasi hajmi aprel oyida bo‘lib o‘tadigan muzokaralar natijasiga ko‘ra aniqlanadi.