Rossiyadan qaytgan 528 nafar o‘zbekistonlik karantinga olindi

Ta’kidlanishicha, barcha fuqarolardan koronavirus infeksiyasini tekshirish uchun surtmalar olingan, kasallikka gumon qilinganlar hozircha yo‘q.
Sputnik

TOShKENT, 19 mar — Sputnik. Rossiyadan O‘zbekistonga qaytgan 528 nafar fuqaro Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Sokol” sport-sog‘lomlashtirish markaziga karantinga olindi.

Uzbekistan Airways 17-mart kuni Moskvadan Toshkentga charter reysni amalga oshiradi

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ular to‘liq tekshiruvdan so‘ng karantinga olingan. Karantinga olinganlar zarur tibbiy-gigiyenik vositalar, uch mahal issiq ovqat va boshqa ehtiyoj buyumlari bilan ta’minlangan.

Barcha fuqarolardan koronavirus infeksiyasini tekshirish uchun surtmalar olingan, kasallikka gumon qilinganlar hozircha yo‘q.

Viloyat hokimi Rustam Xolmatov 14 kunlik tibbiy nazoratga olingan fuqarolarga barcha zarur sharoitlar yaratilishiga boshchilik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 18-mart kuni 177 nafar O‘zbekiston fuqarolari Misrdan olib chiqilib, Navoiy viloyatining Karmana tumani hududidagi sog‘lomlashtirish markaziga 14 kunlik karantinga olingani xabar qilingan edi.