Dezinfeksiya ishlari qanday olib borilmoqda - hisobot

Ayni damda O‘zbekiston bozorlarida odamlar kam bo‘lgan vaqtda, avtobuslarning so‘nggi bekatlarida dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Epidemiya tarqalishining oldini olish va uni bartaraf etish maqsadida jamoat joylarida dezinfeksiyalash ishlari olib borilmoqda.  Bu haqda Sanitariya-Epidemiologiya osoyishtaligi agentligi direktori Bahrom Almatov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

Bahrom Almatovga ko‘ra, O‘zbekistonda 100 dan ortiq dezinfeksiyalovchi vositalarining ro‘yxati aniqlangan va ishlatishga ruxsat berilgan. Bundan foydalangan holda jamoat joylarida, xususan avtotransportlar, yo‘nalishlar oxiri va bozorlarda odamlar kamaygach, dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

— Virusning tashqi muhitda yashovchanligi esa juda ham past bo‘ladi. Profilaktik maqsadda amalga oshiriladigan tadbirlar samarasiga kelsak, birinchi navbatda bemorni uy sharoitida, xonadonlarda o‘tkaziladigan dezinfeksiya sharoitida davolashning samarasi yuqori, deydi, – mutaxassis.

Yana ta’kidlanishicha, bolalar bu kasallikka deyarli uchramaydi, odatda u kattalarda bo‘ladi. Lekin, har qanday shamollash belgilari bo‘lganda, shifokorga murojaat etilishi kerak. (Bolalar virus tashuvchisi bo‘lishi mumkin - tahr.)

Ma’lumot uchun, shu vaqtga qadar 8 mingga yaqin kishi karantin rejimida bo‘lgan. Ulardan 5700 ga yaqiniga uyga ruxsat berilgan. Karantindagi fuqarolar uchun esa hamma imkoniyatlar qilib berilgan.