O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirganlar soni 6 nafarga yetdi

Kuni kecha koronavirusga chalinganlar soni 4 tani tashkil qilganligi haqida xabar bergan edik. Bugungi kunda ular soni 6 nafarga yetdi. Fransiyada bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarosining turmush o‘rtog‘i va nabirasida infeksiya aniqlandi.
Sputnik

TOShKENT, 16 mar — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar 6 nafarga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Ma’lumki, shu yilning 15-mart kuni Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyada bo‘lib qaytgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlanganini xabar qilgan edik. Tahlil natijalari bemorning o‘g‘li va qizida koronavirus infeksiyasi borligini ko‘rsatgan edi.

Ayni paytda ushbu fuqaroning turmush o‘rtog‘i va nabirasida ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.

Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxati olinib, ularning salomatligi ustidan ham tibbiy nazorat o‘rnatildi.

Hozirda shifokorlar va mutaxassislar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davolash va epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq, 15 mart kuni soat 05:15 da “O‘zbekiston havo yo‘llari” avia kompaniyasiga qarashli Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi 274- reys bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosida ham ushbu infeksiya aniqlangani ma’lum qilingan edi.

Shu tariqa O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq 6 ta holat qayd etilgani rasman tasdiqlangan.