O‘zbekiston elchixonasi Rossiyadagi fuqarolarga murojaat qildi

Elchixona vatandoshlarni vahimaga berilmaslik va xotirjamlikka chorlab, yangi virus bilan kasallanishning oldini olish uchun muhim tavsiyalarga amal qilishlarini so‘radi.
Sputnik

TOShKENT, 16 mar — Sputnik. O‘zbekiston elchixonasi Rossiyadagi fuqarolarga murojaat qildi va muhim tavsiyalarga amal qilishlarini so‘radi.

Iste’molchilar huquqlarini va inson farovonligini himoyasi nazorat qilish bo‘yicha federal xizmat (Rospotrebnadzor) axborotiga ko‘ra, Rossiya huzuridagi koronavirus infeksiya bilan kasallanish bo‘yicha bir nechta holat qayd etilgan.

O‘zbekiston elchixonasi va bosh konsulliklari tomonidan Rossiyaning vakolatli markaziy va hududiy organlari bilan aloqalar o‘rnatilgan va doimiy muloqot olib borilmoqda, koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat doimiy kuzatuv ostiga olindi.

2020-yil 16-mart holatiga ko‘ra Rossiyada yangi infeksiya bilan kasallanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

Elchixona vatandoshlarni vahimaga berilmaslik va xotirjamlikka chorlab, yangi virus bilan kasallanishning oldini olish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilishlarini so‘radi:

  • jamoat joylari: savdo markazlari, sport va boshqa ommaviy tadbirlarga borishdan tiyilish, tig‘iz vaqtda jamoat transportidan foydalanmaslik;
  • jamoat joylarida bir martalik tibbiy niqobdan (respirator) foydalanish va uni har 2-3 soatda almashtirish;
  • o‘tkir respiratorli virus infeksiyasiga (ORVI) oid sezilarli belgilar (yo‘tal, aksirish, burundan suv oqishi) bor insonlar bilan bir xonada bo‘lish va yaqin aloqaga yo‘l qo‘ymaslik;
  • ko‘chadan qaytganda, begona odamlar bilan muloqot qilingandan so‘ngi qo‘llarni suv va sovun orqali yuvish;
  • gadjetlar, komputerlar va boshqa texnika, shuningdek, doimiy foydalanadigan mebellarni muntazam ravishda dezinfeksiyalash;
  • imkon darajasida qo‘l berib ko‘rishish va quchoqlashuvlardan voz kechish;
  • faqat o‘zingizniki bo‘lgan shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanish (sochiq, tish tozalash vositalari);
  • imkon darajasida ko‘z, burun va og‘izni qo‘l bilan ushlamaslik;
  • epidemiologik vaziyat yomon bo‘lgan mamlakatlarga safarga qilishdan voz kechish;

Tibbiyot mutaxassislarining ma’lumotlariga qaraganda, koronavirus infeksiya bilan kasallanishning asosiy belgilari tananing yuqori harorati, bosh og‘rig‘i, zaiflik, yo‘tal, nafas olishning qiyinlashuvi, mushaklarda og‘riq, ko‘ngil aynishi va qayt qilish hamda ich ketishi hisoblanadi. Kasallik bilan bog‘liq belgilar yuzaga kelgan taqdirda, zudlik bilan 103 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, tez tibbiy yordam chaqirish lozim.

Mavzuga doir qo‘shimcha axborotlarni O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi hamda Vladivostok, Yekaterinburg, Kazan, Novosibirsk, Rostov-na-Donu va Sankt-Peterburg shaharlaridagi bosh konsulxonalari huzurida tashkil etilgan Ishchi guruhlarga qo‘ng‘iroq qilib olish mumkin.

O‘zbekiston TIV Operativ shtabi Operativ shtab telefonlari: +998 71 233 28 28, +998 97 136 51 51 (mobil)

Call center: – 1164

Telegram:: +99897 136 51 51

TIV elektron pochtasi: info@mfa.uz