Internet foydalanuvchilari koronavirus haqida nima deyapti - eng qiziq sharhlar

Xitoydan tarqalgan koronavirus epidemiyasi bugun hatto internet olamigacha kirib bordi. Koronavirus ijtimoiy tarmoqlarda kun mavzusiga aylangan va juda qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lmoqda
Sputnik

Shu kunlarda Xitoy mamlakatda koronavirus epidemiyasining pik nuqtasi ortda qolganligini ma’lum qilgan bo‘lsada, ammo Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus infeksiyasini pandemiya deb e’lon qilganiga ham besh kun bo‘ldi.

Ekspert koronavirusdan immunitet haqida gapirdi

Neft narxi keskin tushib ketgani va boshqa global voqealar ro‘y berayotganiga qaramay, nafaqat dunyo OAVlari, balki ijtimoiy tarmoqlarning bosh mavzusi koronavirus bo‘lib qolmoqda. Aslida, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari muhokamaga arzigulik birorta mavzuni hech qachon e’tibordan chetda qoldirishmaydi ham.

Butun dunyoda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan koronavirus mavzusi facebook ning o‘zbek segmentida hazillar uchun bahona bo‘ldi, deyish mumkin.

Vahimaga berilmaslik haqida ogohlantirishlar ko‘p bo‘layotganiga qaramay, internet foydalanuvchilari hamma vahima faqat Feysbukda ekanligi, oddiy hayotda hammasi osuda ekanligi haqida yozib qoldirishgan.

Misol uchun, Iqbol Kamiljanov nikli foydalanuvchi "Qo‘qonda virus yo‘q, baraka topgurlar! Qo‘qonda mexr-oqibat, mo‘min-musulmonlar duosi bordur!", - deya post qoldirgan.

Koronavirusga chalingan mashhur insonlar – foto

"Ey, kelgan mehmonni vahima qilib, qo‘rqitib yuborayapsizlar. Shu ketishda bo‘lsa, 3 haftagayam bormay, qochib ketadi", - deya hazil qilgan Nozim Ismoilov nikli foydalanuvchi.

Albatta, hazillar orasida kishini fikrlashga undovchi postlar ham bor.

Deylik, Bobur Yuldashev nikli foydalanuvchi vaziyatdan foydalanib, narx-navoni ko‘tarib yuborgan sotuvchilar haqida o‘z fikrini yozib qoldirgan. "Koronovirus karantini 2 yoki 3 haftada o‘tib ketadi, lekin odamlarning asl yuzi namoyon bo‘lib qolar ekan. Bozorda ozroq narsa sotib olsangiz, bu sotuvchilar mensimayapti hatto. Endi ertaga amal kursi tegib, galstuk taqqanimizda qanday qilib bunday noinsof odamlarni himoya qilamiz!? Ocharchilikni ham insoniyat yengib o‘tgan, lekin ochofatlik yomon", deya u vaqtinchalik sinovda vijdonni unutmaslikka chaqirgan.

Foydalanuvchilardan yana biri esa, epidemiya vaqtida qo‘l bilan ko‘rishmaslik tavsiyasiga ishora qilgan holda "Hamma narsada bir hikmat. Zora bosh urishtirib ko‘rishish esdan chiqib ketsa... Zo‘r bo‘lardi...", - degan.

Feysbuk foydalanuvchilari orasida hatto "koronavirus mavzusini muhokama qilmaydigan qiz izlayotgan" oshiq yigit ham topiladi.