Chustda “er-xotin” talonchilarning qarmog‘iga “tilla baliq” ilinmay qoldi

Namangan viloyatida er-xotin shantajchilar qo‘rqitish yo‘li orqali tadbirkordan pul undirayotganda qo‘lga olindi.
Sputnik

TOShKENT, 13 mar — Sputnik. Namangan viloyati Chust tumanida noqonuniy yo‘l bilan moddiy manfaat ko‘rmoqchi bo‘lgan “er-xotinlar”ning jinoiy xatti-harakatiga chek qo‘yildi, deb xabar qilmoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament.

Fuqaro M.D. o‘zining shar’iy turmush o‘rtog‘i D.Sh. bilan oldindan til biriktirib, jinoyatga qo‘l urgan. Ikkovlon tadbirkor I.D.ga uning ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza yozmaslik, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli videoyozuvlar tarqatmaslik, tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaslik evaziga undan 3 mln so‘m miqdorda pul talab qilishgan. Tovlamachilar talab qilgan pul mablag‘ini olishgan vaqtda ashyoviy dalil bilan qo‘lga oingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan M.D. va D.Sh.ga nisbatan JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.