Mashhur aktor Tom Xenks va uning rafiqasi koronavirus yuqtirib oldi

O‘zining betakror rollari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan aktorning aytishicha, ular Avstraliyada o‘zlarini yomon his qilishgan va darhol kasalxonaga borishgan.
Sputnik

TOShKENT, 12 mar - Sputnik. Amerikalik aktor Tom Xenks va uning rafiqasi Rita Uilson koronavirus yuqtirib olishdi. Bu haqda u Twitter᾽dagi sahifasida ma’lum qildi.

“Salom, do‘stlar. Rita va men hozir Avstraliyadamiz. Biz biroz charchoq, shamollashni his qildik va tanamizda og‘riq paydo bo‘ldi. Rita vaqti-vaqti bilan titrab turdi. Hamma narsani to‘g‘ri qilish uchun, hozir zarur bo‘lganidek, biz ham koronavirusga tahlil topshirdik va natijasi ijobiy chiqdi”, - deb yozgan aktor.

​Tom Xenks o‘zining “Katta”, “Forrest Gamp”, “Oddiy askar Rayanni qutqarish”, “Yolg‘iz”, “Gudzondagi mo‘’jiza” va boshqa ko‘plab filmlardagi rollari bilan muxlislar qalbini zabt etgan. 2016-yilda AQSh prezidenti Barak Obama Xenksga prezidentning “Ozodlik” medalini topshirgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Covid-19 koronavirusining tarqalishini pandemiya deb tan oldi.

Pnevmoniya bilan kasallanganlar soni 123 ming kishidan oshdi. Vafot etganlar soni - 4620, davolanganlar - 67 mingdan ortiq.

Kasallanganlar soniga ko‘ra Xitoy birinchi o‘rinda, undan keyin Janubiy Koreya, Italiya va Eron.

Epidemiya 110 dan ziyod mamlakatda tarqaldi.