Reklama o‘zbek tilida bo‘lishi kerak - bosh vazir

O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tili bo‘la turib, poytaxt ko‘chalaridagi qariyb 40 foizi aralash tillarda, yana 30 foizdan ziyodi boshqa tillarda berilmoqda...
Sputnik

TOShKENT, 11 mar - Sputnik. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov joriy yilning 9-mart kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan videoselektrda poytaxt ko‘chalaridagi reklamalarning o‘zbek tilida bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida to‘xtaldi

Bosh Vazirning ta’kidlashicha, bugungi kunda poytaxt ko‘chalarida tashqi reklamalarning atigi 30 foizga yaqinigina davlat tilida bo‘lsa, qariyb 40 foizi aralash tillarda, yana 30 foizdan ziyodi boshqa tillarda berilgan.

Piyodalar yo‘laklarida tashqi reklama obyektlarini o‘rnatish taqiqlandi

Uzoq xorijni qo‘yib turing, yaqin qo‘shnilarimizda ham reklamalar o‘z ona tillarida beriladi. Buni qonun bilan mustahkamlab qo‘yishgan. Qozog‘iston, Rossiya, Gruziya va boshqa davlatlarda ona tili davlat darajasida muhofaza etilgan.

Mana biz ham shu ishni boshladik, yo‘limizda oxirigacha qat’iy turamiz, buni barcha yaxshi anglab olishi shart, –  deya ta’kidlaydi Aripov.

Bosh vazir shuningdek, bugungi kunda hech bir tadbirkor faoliyatiga to‘siq qo‘yilmasligi, aksincha, ularning erkin faoliyat yuritishlari uchun imkoniyat yaratilayotganligi xususida to‘xtaldi.

Xususan, joriy yilning 20-fevral kuni hukumatning “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, endilikda tashqi reklama obyektlarini qurish ulardan foydalanishni aniq tartiblar asosida yanada erkinlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Biroq, tadbirkorlar iste’molchisi o‘zbek aholisi ekanligini bila turib  boshqa tilda e’lon berish amaliyotiga chek qo‘yish shart.