O‘zbekiston prezidentining "Oliy Darajali Do‘stlik" ordeni ta’sis etildi

Orden bilan xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik va boshqa tashkilotlar rahbarlari hamda  vakillari taqdirlanadi
Sputnik

TOShKENT, 11 mar - Sputnik. Joriy yilning 11-mart kuni O‘zbekiston prezidentining «Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonuni imzolandi. Bu haqda prezidentning rasmiy veb-sayti orqali ma’lum qilindi.

Mirziyoyev Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisini orden bilan mukofotladi

Ushbu orden bilan O‘zbekiston Respublikasi bilan o‘zaro do‘stlik, har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini barqaror rivojlantirishda hissa qo‘shgan, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni hal etishda yuksak siyosiy irodasini namoyon etgan, faol tashabbuslari bilan O‘zbekiston oldidagi yuksak xizmatlari uchun xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari taqdirlanadi.

Bundan tashqari atoqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, ta’lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, ma’naviyat, madaniyat va sport sohalarining ko‘zga ko‘ringan ulkan namoyandalari, insonparvarlik ruhidagi ezgu ishlari bilan nom qozongan metsenatlar hamda biznes hamjamiyatining taniqli vakillari ham ushbu mukofotga da’vogarlik qilishlari mumkin.

«Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni o‘z egasiga O‘zbekiston Prezidenti yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa mutasaddi rahbarlar tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.

Orden egalari bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovg‘alaridan tashqari, qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalish huquqini ham qo‘lga kiritadilar.