O‘zbekistonliklar karantinni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirildi

10 mart kuni respublikada yangi COVID-19 koronavirusini yuqtirish holatlari qayd etilmagan. Mamlakatga kasallikning kirib kelishini oldiga qaratilgan qat’iy chora ko‘rilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 10 mar - Sputnik. Koronavirus tufayli epidemiologik jihatdan noqulay davlatlarga tashrif buyurganidan keyin O‘zbekistonda karantin rejimiga rioya qilish talablarining buzilishi sakkiz yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘ladi. Bu haqda SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, koronavirus tarqalishi xavfi tufayli respublikada kelganlar uchun karantin va kuzatuv sharoitlari bir nechta toifalarga bo‘lingan.

“Karantin ostidagi shaxslar rejimni buzgan taqdirda, quyidagi javobgarlik nazarda tutilgan: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish” moddasi”, - deyiladi xabarda. RIA Novosti undan iqtibos keltirgan. Ushbu moddada sakkiz yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Agentlik ushbu jazo chorasi  “1a” toifasidagi maxsus yopiq xonalarda (Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Italiya, Afg‘oniston, Yaponiyadan kelganlar) 14 kunlik karantin qoidalarni va “1b toifasidagi karantin (Fransiya, AQSh, Germaniya, Singapur, Ispaniya, Tayvandan kelganlar) 14 kunlik uy sharoitida qoidalarni buzgan taqdirda qo‘llash mumkinligiga oydinlik kiritgan.

Seuldan Toshkentga kelgan yo‘lovchilar karantinga olindi

Tailand, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni (2-toifa)ga tashrif buyurgan O‘zbekiston fuqarolari yashash joyida ikki haftalik tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar. Koronavirus qayd etilgan boshqa mamlakatlardan kelgan odamlar toifasi uchun sog‘lig‘i holatini masofadan turib nazorat qilish (telefon qo‘ng‘iroqlari) o‘tkaziladi, deya qo‘shimcha qilgan agentlik.

10 mart kuni ertalab holatiga respublikada COVID-19 infeksiyasi holatlari qayd etilmagan.  6,3 mingdan ortiq kishi tekshirishdan  o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy hukumati 2019-yil 31-dekabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) mamlakatning markaziy qismidagi (Xubey provinsiyasi) Uxan shahrida kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya kasalligi haqida xabar bergan edi. Mutaxassislar kasallikning qo‘zg‘atuvchisini aniqladilar - bu yangi koronavirus. JSST ushbu kasallikni xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat deb tan oldi va ushbu kasallikka rasmiy COVID-19 nomini berdi.

Dunyoda 104 mingdan ortiq odam yangi koronavirusni yuqtirgan, to‘rt mingga yaqin bemor hayotdan ko‘z yumgan, 60 mingdan ortig‘i tuzalib ketgan.