Samarqandda go‘yoki striptiz o‘ynamoqchi bo‘lgan qizlardan biri besh sutkaga qamaldi

Samarqandda restorandagi bazmda barchaning ko‘z o‘ngida yalang‘och holda raqsga tushmoqchi bo‘lgani aytilgan qizlarga jazo tayinlandi. Bazm “yulduzi va malikasi” 5 sutkaga qamaldi.
Sputnik

TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Samarqandda restoranda go‘yoki striptiz uyushtirmoqchi bo‘lgan qizlardan ikkitasiga jarima, bittasiga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar qildi.

Aniqlik kiritilishicha, 8-mart kuni Qo‘shrabot tumani Jo‘sh qishlog‘ida yashovchi 1991-yilda tug‘ilgan fuqaro I.M. Samarqand shahar O‘rta Xo‘ja Soat mahallasida joylashgan “Ikrom choyxonasi” nomli oshxonada o‘zining tug‘ilgan kunini nishonlash maqsadida bazm uyushtirgan.

Ushbu bazmga yig‘ilgan I.M.ning yaqin dugonalari raqsga tushib, mazkur oshxonada  o‘tirgan fuqarolar va ularning oila a’zolariga noqulaylik tug‘dirgan.

Mashina lyukidan yarim yalang‘och holda raqsga tushgan qizlar qidirilmoqda - video

Shundan so‘ng, fuqarolar choyxona ma’muriyatiga I.M. va uning tanishlarining xatti-harakatlari yuzasidan shikoyat bildirganliklari sababli, ularning orasida o‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelgan. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga murojaat qilingan.

Qizlar IIB binosiga borishdan bosh tortib, voqea joyiga yetib kelgan Milliy gvardiya xodimlari faol qarshilik ko‘rsatishgan.

J.F va X.S.larga BHM 3 baravari miqdoridagi (669 000 so‘m) jarima tayinlangan. Bazm “yulduzi va malikasi” I.M.ga 5 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda 8-mart kuni restoranda go‘yoki striptiz uyushtirmoqchi bo‘lgan qizlar to‘g‘risidagi video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilikning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘lgan edi.