O‘zbekistonda 2021-yil 1-yanvardan boshlab ID-karta beriladi

ID-kartalar faqat O‘zbekiston hududida amal qiladi. Chet elga chiqish uchun biometrik pasport olish kerak.
Sputnik

TOShKENT, 8 mar — Sputnik. O‘zbekistonda 2021-yil 1-yanvardan boshlab biometrik pasport o‘rniga ID-kartalar beriladi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar qildi.

Vazirlar mahkamasi qabul qilgan qarorda qayd etilishicha, 2021-yil 1-yanvardan boshlab barcha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga, O‘zbekiston fuqarolariga, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga va O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga biometrik pasport o‘rniga 10-yil muddatga hujjat egasining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat sifatida identifikatsiya ID-kartasi beriladi.

O‘zbekistonda 2021-yil 1-yanvardan boshlab ID-karta beriladi
Ta’kidlanishicha, ID-kartalar faqat O‘zbekiston hududida amal qiladi. Chet elga chiqish uchun O‘zbekiston fuqarosining chet elga chiqish uchun biometrik (“zagranpasport”) pasporti beriladi.

ID-kartalarni berish tizimli ravishda 2021-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha mamlakat aholisi uchun qo‘shimcha yuklamasiz amalga oshiriladi. Shu bilan birga, 2011-yildagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining ilgari berilgan biometrik pasportlarini, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolarining yashash uchun ruxsatnomalarini almashtirish ularning egalarining iltimosiga binoan muddati tugagandan yoki muddatidan oldin amalga oshiriladi.

2030 yil 1-yanvardan boshlab 2011-yildagi O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasportlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Xabarda keltirilishicha, ID-kartalarni berish tizimiga o‘tish rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda va fuqarolarni raqamli identifikatsiya qilish tizimini joriy etishni jadallashtiradi.

Shuningdek, fuqarolarning birlamchi ma’lumotlarini O‘zbekiston vazirlik va idoralarining axborot tizimlariga integratsiyalash jarayonini avtomatlashtiradi, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini osonlashtiradi va optimallashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, ID-karta joriy etish va pasportlarni bosqichma-bosqich bilan ularga almashtirish 2021 yilgacha qoldirilgan edi.