Tatimagan bayram: Bishkekda militsiya bir guruh ayollarni qo‘lga oldi

8 mart kuni Qirg‘iziston poytaxtida mahalliy feministlar ommaviy yurish o‘tkazishga urinishdi, biroq ular huquq-tartibot xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Sputnik

TOShKENT, 8 mar — Sputnik. Qirg‘iziston IIV Xalqaro xotin-qizlar kunida Bishkekda faollar harakati o‘tkazishga uringan noqonuniy yurishning oldini oldi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar qilmoqda.

Shaharning Sverdlov tumani IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, aksiya oldindan kelishilmagan, shuning uchun odamlar tinchini buzganlarga nisbatan kuch ishlatishga to‘g‘ri kelgan.

Yurish soat 12:00 da G‘alaba maydonida rejalashtirilgan, ammo bir guruh noma’lum shaxslar bunga xalaqit qilishgan. Yuzaga kelgan janjaldan so‘ng voqea joyiga huquq-tartibot xodimlari yetib kelishgan va ular noqonuniy aksiyaning bir necha ishtirokchisini qo‘lga olishgan.

Aksiya ishtirokchilarining ayrimlari plakat ko‘tarib olishgan va “Yurishga ruxsat yo‘q, zo‘ravonlikka bor” deya qichqirishgan. Shuningdek, ular IIV xodimlariga “buni ularning onalari kechirmasliklarini” aytishgan.

Tuman IIO ma’lumotlariga qaraganda, mitingni “Feminalle” va “8/365” jamoatchilik harakati vakillari tashkillashtirishgan. Aksiya tuman hukumati bilan muvofiqlashtirilmagan. Qolaversa, o‘tkazilishi kutilayotgan tadbirdan huquq-tartibot organlarining xabari bo‘lmagan. Natijada bu provokatsiya va jamoat tartibini buzilishiga olib kelgan.

“Svedlov tumani aholisi G‘alaba maydonidagi tartibsiz miting yuzasidan norozilik izhor etdi. Bu yerda shaharliklar Ulug‘ Vatan urushida halok bo‘lgan jangchilarning xotirasini yod etishadi”, - deyilgan xabarda.

Ular orasida ehtimoliy  provokatorlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan janjal ishtirokchilari hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash uchun qo‘lga olingan.