Eron-Turkmaniston chegarasida 11 o‘zbekistonlik qolib ketgani tasdiqlandi

O‘zbekistonning Tehron va Ashxaboddagi elchixonalari vaziyatni nazoratga olgan. Ushbu masalani hal qilish uchun ikki mamlakatning tegishli organlari bilan doimiy muloqot olib bormoqda.
Sputnik

TOShKENT, 8 mar — Sputnik. Eron-Turkmaniston chegarasida 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi qolib ketgani tasdiqlandi.

TIV xabariga ko‘ra, mamlakatning Tehron shahridagi elchixonasi COVID-19 koronavirusi tarqalishini oldini olish maqsadida Turkmaniston va Eron o‘rtasidagi chegara yopilishi sababli 700 ga yaqin haydovchi, jumladan, 11 nafar O‘zbekiston fuqarolari “Lutfobod” va “Saraxs” chegara nazorat-o‘tkazish punktlarida qolib ketgani to‘g‘risida internetda tarqalgan ma’lumotni tasdiqlagan.

Ta’kidlanishicha, elchixonaning konsullik bo‘limi 23-fevraldan buyon mazkur vatandoshlar bilan doimiy aloqada bo‘lib kelmoqda. Ular transport vositalarini bojxona postlarida qoldirib, vatanga qaytishni rad etishgan.

“O‘zbekistonning Tehron va Ashxabod shaharlaridagi Elchixonalari vaziyatni nazoratga olgan hamda ushbu masalani hal qilish uchun Eron va Turkmanistonning tegishli organlari bilan doimiy muloqot olib bormoqda”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Eron-Turkmaniston chegarasida qolib ketgan  o‘zbekistonliklar prezident Shavkat Mirziyoyevdan yordam so‘rab, videomurojaat yo‘llashgan edi.