Hokimlar yerto‘lani tozalash bilan shug‘ullanadigan vaqt o‘tdi – Mirziyoyev

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, joriy yilda poytaxtda 710,5 million dollar miqdorida eksport qilinishi mo‘ljallangan.
Sputnik

TOShKENT, 7 mar — Sputnik. Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda joriy yilda 710,5 million dollar miqdorida eksport qilinishi mo‘ljallanganini ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, shundan qariyb 674 million dollari sanoat mahsulotlari, 36,5 million dollari meva-sabzavot mahsulotlariga to‘g‘ri keladi.

“Oltiariq tumani 120 million dollarlik eksport qilyapti. Toshkentdagidek sanoat obyektlari, kommunikatsiya ularda yo‘q. Poytaxtda zarur infratuzilma bor! Hokimlar yerto‘lani tozalash bilan shug‘ullanadigan vaqt o‘tdi. Endi tuman rahbarlari tadbirkorlikni rivojlantirib, tadbirkorlarni aylanma mablag‘lar bilan ta’minlab, eksportiga ko‘maklashib, ular bilan manzilli ishlashi kerak. Sizlar o‘zgarmas ekansiz, vaziyat o‘zgarmaydi”, – deya prezident so‘zlaridan keltiradi uning matbuot xizmati.

Mirziyoyev investitsiyalar jalb etib, zarurat bo‘lsa, tashqi boshqaruvga berib, sanoatning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Biroz avval poytaxtda 2020-2022 yillarda umumiy qiymati 9 milliard 884 million dollarlik 762 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgani xabar qilingan edi.