Toshkentda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.
“Yer yuzida insoniyat paydo bo‘libdiki, odamzot muqaddas Ona siymosini, mo‘’tabar ayol zotini ulug‘lab, hamisha sharaflab keladi. Onalarimiz sharofati bilan Vatanimiz tuprog‘i jannat bog‘laridek go‘zal va bebahodir. Onalar duosidan yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, ishimizda unum, hayotimizda baraka bor”, – dedi davlat rahbari.
Mamlakatda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayollar oilasini sarishta saqlash bilan birga jamiyat va davlat ishlarida ham faollik ko‘rsatmoqda.
Jumladan, Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 32 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich Senatda va mahalliy kengashlarda 25 foizdan oshdi.
O‘zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Mamlakatning qonun chiqaruvchi organi ayol deputatlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. Holbuki, bundan 5-yil avval mamlakat 128-o‘rinni egallab turgan edi.
Muhtarama ayollarning 16 nafari Vatanning eng oliy mukofoti – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan. Davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 380 nafardan ziyod xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Ularning safi tobora kengayib borapti. Shu kunlarda tashabbuskor va tashkilotchi ayollar tuman va shahar hokimi lavozimlariga tayinlanayotir.
Ishlab chiqarish, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport sohalari rivojida ham nazokat va latofat egalarining munosib hissasi borligi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev tantanadagi nutqida haj ziyorati uchun yiqqan mablag‘ini mahalladoshlariga beg‘araz yordamga sarflagan rishtonlik tadbirkor Izrabu Usmonova, qishloq ahli uchun o‘z hisobidan “Mumtoz” nomli katta kutubxona barpo etgan sayxunobodlik Gavhar Husanova, 32 yoshida AQShdagi nufuzli Kolumbiya universitetining professori bo‘lgan Aziza Shonazarova kabi xotin-qizlarning xayrli ishlari va faoliyatini alohida ta’kidladi. Bayram ishtirokchilari birgalikda ularni olqishlab, chuqur hurmat va tashakkurlarini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev shu ezgu ishlarga kamarbasta bo‘lib, yosh qizlarni ta’lim-tarbiya qiladigan haqiqiy murabbiylarga keyingi yil 8-mart bayramidan boshlab har yili, har bir viloyatdan ikki nafar eng munosib vakilni davlat mukofoti bilan taqdirlashni taklif etdi. Yig‘ilganlar buni olqishlar bilan qo‘llab-quvvatladi.