O‘zbekistondagi barcha ta’lim muassasalarida ayrim cheklovlar o‘rnatildi

Barcha xalqaro tadbirlar, olimpiadalar va shu kabi boshqa tadbirlarni ham o‘tkazmaslik va ularda qatnashish uchun chet mamlakatlarga bormaslik choralarini qat’iy ko‘rish vazifalari belgilandi.
Sputnik

TOShKENT, 4 mar — Sputnik. O‘zbekistondagi barcha oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida koronavirus infeksiyasiga qarshi ehtiyot choralari kuchaytirilib, tegishli cheklovlar o‘rnatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, barcha ta’lim muassasalarida  profilaktik chora va nazoratni  kuchaytirish, tegishli sanitariya tadbirlarini amalga oshirish orqali murabbiy  va talaba-o‘quvchilar salomatligini muhofaza qilish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus kasb- hunar ta’lim vazirligi bilan ham qo‘shma qaror qabul qilingan.

“Unga ko‘ra, o‘qituvchi va talabalarni o‘qish, malaka oshirish va tajriba almashuvi bo‘yicha alohida ko‘rsatma bo‘lmaguncha  xorijga, ayniqsa, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan davlatlarga chiqishlarini chegaralash, barcha xalqaro tadbirlar, olimpiadalar va shu kabi boshqa tadbirlarni ham  o‘tkazmaslik va ularda qatnashish uchun chet mamlakatlarga bormaslik hamda O‘zbekistonga kelayotgan chet ellik talaba va o‘qituvchilarning vaqtinchalik kirishini chegaralash choralarini qat’iy ko‘rish vazifalari belgilandi”, - deyilgan xabarda.

Shuningdek, mazkur hujjat bilan ta’lim muassasalarida talabalarning har kunlik tana haroratini o‘lchash, kunlik kuzatuvlarni olib borish, o‘tkir respirator infeksiya kasalligi belgilari aniqlanganlarni tibbiy punktga olib borish, talaba va o‘quvchilarning shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishlarini muntazam nazorat qilish, auditoriyalar, talabalar turar joylari va boshqa xonalarda kunlik dezinfeksiya tadbirlarini muntazam  o‘tkazish, tanaffus vaqtlarida barcha xonalarni shamollatish kabi profilaktik tadbirlarni qat’iy amalga oshirish ko‘rsatib o‘tildi.

Koronavirus: O‘zbekistonda har bir ta’lim muassasa rahbari ogohlantirildi

Shu bilan birga, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish uchun sharoit yaratish, talaba va o‘quvchilarga qo‘llarini kuniga bir necha marotaba sovunlab yuvishini tavsiya qilish, SSV tomonidan  koronavirus infeksiyasining oldini olish bo‘yicha tayyorlangan  tarqatma materiallarni barcha talabalarga yetkazish kabi vazifalar ham aks etgan. Bundan tashqari, sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi va dezinfeksiya tadbirlarini bajarilishi bo‘yicha har bir ta’lim muassasaning rahbari shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab, 92 ming nafardan ziyod inson koronavirus bilan kasallangan, shundan vafot etganlar 3100  nafardan oshgan. Shu vaqtgacha 48 ming nafardan oshiq kishi ushbu kasallikdan butunlay sog‘aygan.