O‘ktam Barnoyev yangi lavozimga tasdiqlandi

U O‘zbekiston Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlandi
Sputnik

TOShKENT, 28 fev - Sputnik. Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev egallab turgan lavozimidan ozod etildi, deb xabar berildi O‘zbekiston prezidenti rasmiy saytida.

"O‘ktam Isoyevich Barnoyev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlansin va shu munosabat bilan Buxoro viloyati hokimi lavozimidan ozod etilsin", - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Barnoyev Buxoro viloyati hokimi lavozimini 2016-yil dekabrdan buyon egallab kelgan.

Seshanba, 25-fevral kuni O‘zbekiston prezidenti qator tayinlovlarni amalga oshirgan edi.

Xususan, prezident farmoni bilan Jamshid Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimiga;

Timur Ishmetov  O‘zbekiston moliya vaziri lavozimiga; Omonullo Nasritdinxodjayev O‘zbekiston moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga; Farxod Arziyev O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga; Ilhom Ne’matov O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.