Senat fuqarolik to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Yalpi majlis davomida qonunning amaldagi tahriri 28-yil avval qabul qilinganligi va uning deyarli barcha normalari eskirib, zamon talablariga javob bermay qo‘yganligi ta’kidlandi.
Sputnik

TOShKENT, 28 fev - Sputnik. Senatorlar yangi tahrirdagi "O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ma’qulladilar, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

"Biz mehmon emas, fuqaro qabul qilamiz” - deputat O‘zbekiston pasporti berilishi haqida

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti joriy yil 24-yanvar kuni parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish borasida muhim qadam qo‘yish va mamlakatda uzoq vaqtdan beri yashab kelgan, biroq O‘zbekiston fuqarosi maqomini olmagan shaxslar muammosini qonunga muvofiq hal etish yuzasidan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini qayd etgan edi.

1995 yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligini avtomatik tarzda berish taklif etilgandi.

Yalpi majlis davomida qonunning amaldagi tahriri 28-yil avval qabul qilinganligi va uning deyarli barcha normalari eskirib, zamon talablariga javob bermay qo‘yganligi ta’kidlandi. Qonunda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyaning maqomi, asosiy vazifalari va vakolatlari belgilab qo‘yilganligi qayd etildi. Bundan tashqari, tug‘ilgan joyi yoki ota-onasining fuqaroligi bo‘yicha bolalarning O‘zbekiston fuqaroligini belgilash tartibi mustahkamlangan. O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik mexanizmlari nazarda tutilgan.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.