TOShKENT, 28 fev - Sputnik. Rosgeologiya va O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat qo‘mitasi yer osti boyliklaridan foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladilar, deb xabar beradi matbuot xizmati.
"Rosgeologiya" boshqaruvi raisi Sergey Gorkov va Geologiya va mineral resurslar Davlat qo‘mitasi rahbari Bobur Islomovning uchrashuvidan so‘ng yer osti boyliklaridan foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
"Bitimni amaliy ravishda amalga oshirish uchun tomonlar O‘zbekiston Respublikasida "Rosgeologiya"ning sho‘’ba korxonasini tashkil etish va qo‘shma ishlarni muvofiqlashtirish va samaradorligini baholash uchun ilmiy-texnik kengashni tashkil etish masalasini ko‘rib chiqadilar", - deyiladi bayonotda.
Shuningdek, "Rosgeologiya" O‘zbekistonda geologik modelni aniqlashtirish, neft va gaz qazish istiqbollarini o‘rganish va uglevodorod potensialini yangi konlarning ochilishi uchun geologorazvedkani keyingi yo‘nalishlarini asoslash bilan baholash bo‘yicha ishlarni olib boradi, yangi konlarni kashf qilish uchun kelgusidagi qidiruv maydonlarini asoslab beradi. Xususan, gap Orol dengizidagi neft va gaz konlari potensialini baholash haqida ketmoqda.
"O‘zbekistonning mineral-xom ashyo bazasini boshqarishni raqamlashtirish sohasida tomonlar sanoat chiqindilarining mineral massasi hajmi va tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish uchun dasturiy yechimlar to‘plamini yaratishga va raqamli geologik-iqtisodiy modellarni rivojlantirish orqali mamlakatning mineral-xom ashyo resurslarini sanoatni rivojlantirishga jalb qilish samaradorligini baholashga kelishib oldilar”, - deya qo‘shimcha qildi matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili "Rosgeologiya" "O‘zbekneftegaz"ga O‘zbekiston hududida va boshqa mamlakatlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun geologik qidiruv ishlarida texnologik yechimlarni taklif qilgan edi.