Oliy ta’lim tizimidagi 326 nafar xodim korrupsiyaga qo‘l urgan

2019 yilda 1 107 ta vazirlik muassasalarining 1 035 tasida 16,7 mlrd. so‘mlik moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlangan.
Sputnik

TOShKENT, 27 fev – Sputnik. So‘nggi ikki yil ichida Oliy ta’lim tizimida korrupsiya bilan bog‘liq qator jinoyatlar sodir etilgan.

O‘zbekiston ta’lim tizimidagi korrupsiya: sabablari va kurashish choralari – Ismoilov

Bu haqda joriy yilning 18-yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev to‘xtalib o‘tgan.

Xususan, bular 2018-2019 yillar davomida oliy ta’lim tizimida talabalik safiga qabul qilish, o‘qish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirish, o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish hamda o‘qishga qayta tiklash bilan bog‘liq korrupsion holatlardir.   

Ma’lum bo‘lishicha, tizimda 326 nafar xodim ta’lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilib, ularning 220 nafari kollej va litseylarga, 106 nafari oliy o‘quv   yurtlariga to‘g‘ri kelgan.

Institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan 3 nafari rektorlar, 5 nafari prorektorlar, 15 nafari dekan va dekan o‘rinbosarlari, 62 nafari o‘qituvchilar bo‘lgan.

Kollej va litseylarda esa, 34 nafar direktor, 31 nafar direktor o‘rinbosari, 94 nafar o‘qituvchi jinoyatga qo‘l urgan.

O‘qishga kiritish vaji bilan 115 nafar, 58 nafar oliy va 57 nafar o‘rta maxsus ta’lim xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘qituvchisi K. fuqaro D.ni institutning buxgalteriya fakulteti sirtqi yo‘nalishiga o‘qishga kiritish uchun 10 ming AQSh dollari olgan bo‘lsa, Qarshi   davlat   universiteti prorektori N. maxsus sirtqi bo‘limga kirish imtihonlaridan o‘ta olmagan O.ni o‘qishga kirgizish uchun 3 ming AQSh dollari olgan.

Majidov ta’limda korrupsiyani yo‘qotish haqida: "Bir yil kam"

Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi S., qabul komissiya a’zosi ekanligidan foydalanib, fuqaro A.ni ijodiy imtihondan yuqori ball olishida yordam berish evaziga 6  ming AQSh dollari  olgan.

Bundan tashqari 21 nafar talaba ham korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga aralashib qolgan holda javobgarlikka tortilgan.

O‘zMU dekani lavozimida ishlagan A. va uning o‘rinbosari Yu. fuqaro R.ni magistraturaga kiritish evaziga 2 ming AQSh dollari olgan.  

Nukus davlat pedagogika instituti sobiq rektori va prorektori esa magistratura bosqichiga sinovdan o‘tgan 55 nafar talabgorning imtihon natijalarini soxtalashtirgan.  

Ta’lim bilan bog‘liq poraxo‘rlik va firibgarlik jinoyatlari uchun 4 marotaba sudlangan
U. Oliy ta’lim vazirligida mas’ul lavozimda ishlab, eski odatini davom ettirgan.

Jumladan, U. Rossiya va Ukraina tibbiyot oliygohlarida ta’lim olayotgan ikki nafar talabaning o‘qishini Toshkentdagi oliygohlarga ko‘chirish uchun 4 ming AQSh dollari olgan. Bundan tashqari u yana o‘qishga kiritish, talabalar o‘qishini tiklash va ko‘chirish masalasini hal qilishga va’da berib, 14 ming AQSh dollarini pora tariqasida olgan.

2019 yilda 1 107 ta vazirlik muassasalarining 1 035 tasida 16,7 mlrd. so‘mlik moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlangan.