Qozog‘iston va O‘zbekiston 500 million dollarlik shartnomalar imzoladi

Abdulla Aripov hamda Qozog‘iston bosh vaziri Askar Mamin Urganchda uchrashib o‘zaro savdo hajmini 10 million dollarga yetkazishga kelishib olishdi.
Sputnik

TOShKENT, 26 fev - Sputnik. Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan II hududlararo forumda Qozog‘iston va O‘zbekiston vakillari umumiy qiymati 500 million dollar bo‘lgan 52ta shartnomalar imzolashdi, deb xabar qilmoqda Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati.

Qozog‘iston va O‘zbekiston 500 million dollarlik shartnomalar imzoladi

Forumda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Qozog‘iston bosh vaziri Askar Mamin uchrashib kelgusida ham savdo-iqtisodiy, investitsion, qishloq xo‘jaligi, tranzit-transport, suv-energetika, to‘qimachilik, mashinasozlik, turizm va ekologiya sohalarida ikki taraflama hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalar bo‘yicha aloqalar o‘rnatishga kelishib olshidi.

“Bizning asosiy maqsadimiz – o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, yaqin kelajakda esa 10 milliard dollarga, - dedi Abdulla Aripov.   

Bosh vazir aytishiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 872ta korxona Qozog‘iston sarmoyasi ishtirokida barpo etilgan, ulardan 300tasi faqat o‘tgan yil davomida.

Qozog‘iston bosh vaziri ikki davlat korxonalari ishtirokida yengil sanoat klasterini tashkil qilishni, birgalikda turizm yo‘nalishlarini rivojlantirishni taklif etdi. 

“Qozog‘iston uchun sizning mamlakatingiz bu – Janubiy Osiyoga chiqish yo‘li bo‘lsa, O‘zbekiston uchun bizning hudud – YeOII, Kavkaz, Yevropa hamda Janubiy-Sharqiy Osiyo hududlariga chiqish imkoniyatidir”, - dedi Qozog‘iston bosh vaziri Askar Mamin.

Shuningdek Mamin “Shimol – Janub” va Transkaspiy transport koridorlarini rivojlantirish kerakligini ta’kidladi.

Forum yakunida ikki davlat vakillari iqtisiodiy hamkorlikni o‘z ichiga olgan umumiy qiymati 500 million dollar bo‘lgan 52ta shartnoma imzolashdi. Forumda shuningdek B2B formatidagi uchrashuvlar hamda korxonalarga o‘z mahsulotlarini namoyish etish imkoni berildi.