Ozodlik evaziga nimalarga tayyor: Karimova O‘zbekiston prezidentiga maktub yozdi

O‘zbekiston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ushbu masalaga to‘g‘ri yondashishdan davlat ham naf ko‘rishi mumkin deb hisoblaydi.
Sputnik

TOShKENT, 26 fev - Sputnik. Gulnora Karimova O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, o‘z ozodligi evaziga pullardan voz kechishga tayyorligini ma’lum qildi. Uning ochiq xatini qizi Imon Karimova Instagram sahifasiga joylashtirgan.

O‘zbekiston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi so‘nggi yillarda sog‘lig‘iga jiddiy putur yetgani, zudlik bilan jarrohlik amaliyotiga muhtojligini bayon qilgan.

“Oilam va sog‘lig‘imni saqlab qolish uchun to‘g‘ri sharoitda pul mablag‘lariga nisbatan har qanday da’vodan voz kechishga tayërman”, - deya yozgan u.

Qayd etilishicha, u oilasining ixtiërida qolgan va Shveysariya banklarida muzlatilgan 686 million dollarni davlat foydasiga berishga tayyor.

Karimovaning so‘zlariga ko‘ra, sud jarayonga qaramasdan uning har qanday murojaatlarini rad qilmoqda. U ushbu masalaga to‘g‘ri yondashishdan davlat ham naf ko‘rishi mumkin deb hisoblaydi, zero katta miqdordagi pullar mamlakat uchun zarur bo‘lgan insonparvarlik loyihalariga (tibbiyot, ta’lim va boshqa) sarflanishi mumkin.

"Biz farzandlarimiz – uning nabiralari bilan - oradan 7-yil o‘tib, yana oilamiz bilan birga yashashga ishonamiz va buning uchun Sizdan minnatdor bo‘lamiz”, - deb so‘zlariga yakun yasagan Gulnora Karimova.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniya OAVlari Gulnora Karimovaning shu kungacha noma’lum bo‘lgan ko‘chmas mulklari ro‘yxatini e’lon qilgani xabar qilingan edi.