TOShKENT, 22 fev - Sputnik. 2020-yilning 18-fevral kuni Krasnodar shahridagi qurilish ob]yektlaridan birida O‘zbekiston fuqarosi balandlikdan yiqilib tushib vafot etgan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rostov-Don shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasiga tayanib xabar bermoqda.
Shuningdek, 19-fevral kuni Volgograd viloyati Ilovlya tumanida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida birida O‘zbekiston fuqarosi Sh.J. halok bo‘lgan.
"Mazkur fojiali vaziyatlar Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olingan. O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi Vakolatxonasi bilan birgalikda marhumlarning jasadlarini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy, tashkiliy va boshqa masalalarni hal qilinmoqda", - deyiladi xabarda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi hamda Rossiyaning Shimoliy Kavkaz federal okrugi (Dog‘iston Respublikasi, Ingushiya Respublikasi, Kabarda-Balkariya Respublikasi, Qorachoy Cherkasiya Respublikasi, Stavropol o‘lkasi, Checheniston Respublikasi, Shimoliy Osetiya Respublikasi) va Janubiy federal okrugi (Adigeya Respublikasi, Astraxan viloyati, Qalmoq Respublikasi, Krasnodar o‘lkasi, Volgograd viloyati, Rostov viloyati) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda Rostov-Don shahridagi mamlakatimiz Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi: +7-863-285-50-57.