To‘ylarimiz na g‘arb na osiyo mamlakatlari to‘ylariga o‘xshaydi - senator

AOKAda «To‘y-marosimlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qarorning joylarda ijrosini tashkil etilishi masalalari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 18 fev — Sputnik. To‘y va maraka marosimlarini ortiqcha hashamat va dabdabalarsiz o‘tkazish haqida so‘z yuritildi, Sputnik muxbiri xabariga asosan.

Anjumanda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev bugungi kunda o‘tkazilayotgan to‘y va marosimlar yuzasidan o‘z tanqidiy munosabatini bildirib o‘tdi.

Hozirgi  kunda bizning to‘ylarimiz  na g‘arb mamlakatlari to‘ylariga va na osiyo mamlakatlari to‘ylariga o‘xshaydi, bachkanavozlikdan nariga o‘tmay qoldik. Shuning uchun ham mana shu qo‘shma qaror qabul qilindi – dedi u “To‘ylarni tartibga solish to‘g‘risidagi qaror” yuzasidan.

Shuningdek, Baxtiyor Sayfullayev ayrim fuqarolarning to‘y va marosimlar uchun katta mablag‘ sarflab, isrofgarchilikkka yo‘l qo‘yishlari, xorijda ishlab topgan pullarini bir kunda sovurishlari,  natijada qarzga botib, qarz bergan odam yoki qarindoshi bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketishi holatlarini tilga oldi va fuqarolarni to‘y-hasham iborasini ishlatmaslikka chaqirdi.

—Bizni to‘ylarimizda hashamatga o‘rin yo‘q. Hashamlik bu — urf odatimizni buzishlik, hashamlik bu  — isrofgarchilik va boshqa boshqa illatlarni keltirib chiqaradigan holat deb bilaman – deydi u. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-yanvaridan O‘zbekistonda to‘y va marosimlarni o‘tkazish tartibi belgilangan edi.