Karantin muddati tugagan fuqarolarga javob berildi

Xitoydan 4-6 fevral kunlari olib kelingan, karantinda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining yarmiga javob berildi.
Sputnik

TOShKENT, 18 fev - Sputnik. Karantin muddati yakuniga yetgan fuqarolar uyiga kuzatildi, deb xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.  

"Bugun “Bo‘ston” sanatoriysida joylashtirilgan 294 nafar fuqaroni karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan uyiga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. <...> Erta indin karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan boshqa tibbiyot muassasalaridagi Xitoydan olib kelingan fuqarolarimiz ham o‘z uylariga kuzatiladi", - deyilgan xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, 4-6 fevral kunlari Xitoyda bo‘lgan 584 nafar O‘zbekiston fuqarolari charter parvozlar orqali vataniga qaytarilgan edi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni ta’minlash maqsadida ushbu fuqarolar maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalariga 14 kunlik karantinga joylashtirilgan edi.

Karantin davomida fuqarolarga barcha kerakli sharoitlar yaratilib, ular doimiy shifokorlar nazorati ostida bo‘lishgan. Shuningdek fuqarolar yaqinlari bilan muloqot qilishlari uchun telefon aloqasi o‘rnatilgan.