Surxondaryoda svet o‘chish muammosi qachon hal bo‘lishi aytildi

Surxondaryoda elektr quvvati yetishmaydi, shu sabab svet ko‘p o‘chadi, lekin sentabr oyida ushbu muammo hal bo‘lishi kerak.
Sputnik

TOShKENT, 15 fev – Sputnik. Energetika vazirligi mutasaddilari Surxondaryo viloyatining ayrim hududlarida kuniga bir necha marotaba svet o‘chayotganining sababini hamda ushbu muammo qachon hal bo‘lishini aytishdi, Sputnik muxbiri xabariga asosan.

Bugungi kunda boshqa viloyatlarga nisbatan, Surxondaryo viloyatida elektr energiyasi bo‘yicha cheklov bor. Sababi, viloyatdagi 500 kVtga ega podstansiyaning quvvati yetmayapti. Ayni damda “Milliy elektr tarmoqlari” Surxon podstansiyasini Jahon banki mablag‘lari asosida rekonstruksiya qilmoqda. Shunga  ko‘ra bu muammo joriy yilning Sentabr-Oktabr oylarida hal etilishi ko‘zda tutilgan, - dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev.

“Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruvi raisi  ta’kidlashicha,  elektr energiyasining grafik asosida taqsimlanishida o‘sha hududdagi tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar, tibbiyot muassasalari, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, eksportor korxonalar, 24 soat davomida  elektr energiyasi bilan ta’minlanishi zarur bo‘lgan donni qayta ishlash korxonalari borligini hisobga olinadi.

Shu bois ishlab chiqarish korxonalari kamroq bo‘lgan hududlarda elektr energiyasi ko‘proq uzatiladi. Grafikka ko‘ra har bir mahallaga 1, uzog‘i bilan kuniga ikki mahal 1 soatdan elektr energiyasi o‘chirilishi mumkin. Havo issiq bo‘lgan kunlarda elektr energiyasiga bo‘lgan talab kamayadi va o‘sha kunlarida elektr energiyasi kamroq o‘chadi.