Surxondaryoda fuqarolar va ichki ishlar xodimlari orasida mojaro sodir bo‘ldi

Oltinsoyda aholi va huquqni saqlash organlari orasida sodir bo‘lgan mojaroda ikki nafar xodim jarohat oldi.
Sputnik

TOShKENT, 15 fev – Sputnik. Surxondaryoning Oltinsoy tumanida aholi va IIB xodimlari orasida mojaro sodir bo‘ldi, ikki xodim jarohat oldi, deb xabar qilmoqda IIV matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, mojaro 14-fevral kuni Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida Halqabod mahallasida joylashgan fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydonida fuqarolar noqonuniy ravishda qurgan uylarni buzish vaqtida sodir bo‘lgan.

“Ayrim fuqarolar qo‘llariga turli buyumlar (tayoq, bolta, toshlar, bel kurak va boshqa) bilan ishchi guruh vakillariga tajovuz qilganliklari oqibatida o‘rtada janjal kelib chiqqan”, - deyilgan xabarda.  

Tajovuzlar natijasida IIB xodimi safdor Sh.Mustofoqulovga “Bosh miyaning yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, boshning peshona o‘ng qosh usti, o‘ng yon tomoni ezilgan, yirtilgan jaroxatlari, o‘ng ko‘z qavog‘i yumshoq to‘qimalarning ezilishi va gematomasi, burnining o‘ng tomoni yuz sohasidagi yirtilgan jaroxat”, shuningdek profilaktika inspektori yordamchisi A.Jabborovga “Chap yelka o‘mrov akramiyal bo‘g‘imi sohasi yumshoq to‘qimalarining ezilishi” kabi tan jarohatlari yetkazilgan.

Surxondaryoda fuqarolar va ichki ishlar xodimlari orasida mojaro sodir bo‘ldi

Ko‘rilgan choralar natijasida jamoat tartibini buzayotgan fuqarolar zararsizlantirilib, jamoat tartibi barqarorlashtirilgan. 

Aholi vakillari orasida tan jarohati olganlar haqida ma’lumotlar berilmagan. Ayni damda ushbu holat yuzasidan Oltinsoy tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.