O‘zbekiston va YeOII

O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishi ustida astoydil muzokaralar endi boshlandi - Ne’matov

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Jahon savdo tashkilotiga kirish masalasi bo‘yicha muzokara olib bormoqda.
Sputnik

TOShKENT, 14 fev – Sputnik. O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Jahon savdo tashkilotiga kirish masalasi bo‘yicha astoydil muzokaralar endi boshlandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

YeOIIga qo‘shilish O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga qanday ta’sir qiladi

"O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan beri 120 tadan ortiq xalqaro tashkilotga a’zo. Albatta, har bir tashkilotda O‘zbekistonning o‘zini manfaati bor va unga kirishdan oldin biz uning ijobiy va salbiy tomonlarini yaxshilab o‘rganganmiz. O‘rgangandan keyin, o‘zimizni manfaatimizni ko‘zlagan holda o‘sha tashkilotga kirganmiz. Qanday taklif bo‘lmasin, albatta, u taklif chuqur o‘ylab chiqilgandan keyin, taroziga qo‘yilgandan keyingina qaror qabul qilinadi", - deb ta’kidladi diplomat.

Ne’matovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonning YeOII va JST singari tashkilotlarga a’zo bo‘lishi masalasi ustida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi katta guruh ishlamoqda.

"Astoydil muzokaralar endi boshlandi. O‘zbekiston manfaatlarini birinchi galda hamma tomondan himoya qilib, kelishganimizdan keyingina a’zo bo‘lamiz", - deb qo‘shimcha qildi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil kuzda mamlakatning YeOIIga qo‘shilish masalasini ishlab chiqish haqida topshiriq bergandi. Mamlakatda bu integratsiyaning foydali va salbiy tomonlari muhokama qilinib, tahlil qilinmoqda.

YeOII - 2015-yil 1-yanvardan boshlab faoliyat ko‘rsatuvchi, xalqaro integratsiya iqtisodiy birlashma hisoblanadi. Ittifoq tarkibiga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi.