Rossiyada Il-114-300 samolyotlarini seriyali yig‘ish boshlandi

Nijniy Novgoroddagi "Sokol" aviatsiya zavodida birinchi Il-114-300 samolyotining fuzelyaji ishlab chiqarildi.
Sputnik

TOShKENT, 14 fev — Sputnik. Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida joylashgan MiG ishlab chiqarish uyushmasiga qarashli “Sokol” aviatsiya zavodida Il-114-300 samolyotini seriyali ishlab chiqarish jarayoni boshlandi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" oltita Il-114-100 samolyotini sotuvga qo‘yadi

Ushbu korxonada samolyot fuzelyajining 7ta bo‘linmasi ishlab chiqariladi. Il-114-300 samolyotini ishlab chiqarishda Rossiyaning bir necha shaharlarida joylashgan turli korxonalar ishtirok etmoqda. Voronejda joylashgan “VASO” korxonasi, Ulyanovskdagi “Aviastar-SP” – shular jumlasidan. Samolyotning yakuniy jamlash ishlari Luxovisk shahridagi “MiG” korxonasida bo‘lib o‘tadi.

“2019 yilda biz ushbu Il-114-300 samolyotni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 400 million rubl sarmoya kiritdik”, - deydi “MiG” bosh direktori Ilya Tarasenko.

Samolyotni ishlab chiqarish eng yangi raqamli texnologiyalar yordamida yo‘lga qo‘yilgan. Bu chizmalardan foydalanmagan holda, konstruktorlik burosi, Ilyushin ishlab chiqarish uyushmasining turli korxonalari yagona axborot hududida ishlash imkonini beradi,   deydi Tarasenko.

Il-114-300 yo‘lovchi samolyoti mahalliy havo yo‘llari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u 60ta yo‘lovchi o‘rindig‘iga ega. Ekipaj 2 kishidan iborat. Il-114-300 IKAO meteosharoitlarining II kategoriyasi sharoitida uchish-qo‘nish imkonini beradigan raqamli navigatsiya majmuasi o‘rnatiladi. Barcha ma’lumotlar 5ta rangli displeylarda namoyish etiladi. Samolyotni ishlab chiqarish 2021-yilda to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, Il-114 samolyoti Sovet Ittifoqi davrida ishlab chiqilgan bo‘lib, uni Toshkent Aviatsiya zavodida ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi. Ittifoq parchalanib ketganidan so‘ng ushbu rejalar amalga oshmadi. Toshkentda 2012-yilga qadar Il-114-100 samolyotlari 17 dona ishlab chiqarilgan. O‘zbekistonda foydalanilgan samolyotlarga Rockwell Collins kompaniyasining avionikasi (elektron tizim), Pratt&Whitney Canada aviadvigatellari, Hamilton Sundstrand havo parraklari va Honeywell kompaniyasining qo‘shimcha quvvat qurilmalari bilan jihozlangan bo‘lgan. 2017-2018 yillarda Rossiya ushbu samolyotni ishlab chiqarish borasida Toshkentda saqlanayotgan  samolyot fuzelyajlarini sotib olish hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan uskunalardan foydalanishga tayyorligini bildirgan edi.