O‘zbekistonga MDHda yagona bo‘lgan noyob texnika keltirildi

O‘zbekistonga soatiga 100 km tezlikda harakat qiluvchi Germaniyaning so‘nggi rusumdagi ko‘tarma krani keltirildi va u MDHda yagona sanaladi.
Sputnik

TOShKENT, 12 fev — Sputnik. “O‘zbekiston temir yo‘llari” Germaniyaning “Kirow Ardel GmbH” zavodida ishlab chiqarilgan Multi Tasker Krc 1200 uz nomli so‘nggi rusumdagi ko‘tarma kran sotib oldi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi. Hozirda ushbu zamonaviy kran MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston temir yo‘llarida foydalanilmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu zamonaviy texnikadan temir yo‘llarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarda foydalaniladi. Texnika avvaliga sinovdan o‘tkazilgach, O‘zbekiston temir yo‘llarining tog‘li va cho‘l zonalarida joylashgan “Tiklash poyezdi” korxonasiga yetkazilgan.

Toshkentda ishga tushayotgan ilk svetoforsiz yo‘l o‘tkazgich tirbandlikning yechimi bo‘ladi

Ushbu korxona temir yo‘l tizimida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarda xizmat ko‘rsatishga tayyor turadi. Ilgarigi texnikalarni o‘rnatish va ishlatish uchun 1 soat vaqt ketgan bo‘lsa, xorijdan keltirilgan ushbu kran ikki baravar kam vaqt olib, ularni 30 daqiqada o‘rnatish mumkin.

Undagi barcha jihozlar elektrlashtirilgan. Shu bois hatto ko‘tarilayotgan yuk og‘irligi monitorda ko‘rinib, texnika o‘z o‘qi atrofida  360 gradusga aylangan holda mo‘ljallangan yuklarni kerakli holatga qo‘ya oladi.

Shuningdek, avvalgi kranlar 380 V  elektr energiyasi talab etgan bo‘lsa, yangisi ko‘tarma ishlarni 24 V elektr energiyasi bilan amalga oshiradi. Harakat tezligi soatiga 100 km bo‘lganligi bilan favqulodda holatlarda ko‘tarma mexanizmni avariya sodir bo‘lgan hududga zudlik bilan yetkazish imkoniyatini beradi.

Ushbu zamonaviy texnikadan foydalanish uchun Qo‘qon tiklash poyezdining 6 nafar mutaxassisi Germaniyada 10 kun davomida malaka oshirib qaytgan.