Chorshanba kuni Toshkent aeroportida xavfli infeksiyaning tarqalishiga qarshi kurashish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga shaxsiy himoya vositalarini yetkazib beradigan maxsus bort tayyorlab qo‘yildi.
“Vaziyat og‘irligicha qolmoqda: 42 mingdan ortiq kasallanganlar, deyarli ming kishi halok bo‘ldi. Xitoyda ayniqsa, Uxan va boshqa qator viloyatlarda eng og‘ir vaziyat. JSST koronavirusni umumjahon sog‘liqni saqlash tizimiga tahdid deb tan oldi. Shuning uchun mamlakatlar xavfli kasallik bilan kurashda faol yordam berishmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston chegarada epidemiologik nazoratni kuchaytirdi, aeroportlarda isitmasi bor bemorlarni aniqlaydigan teplovizorlar o‘rnatilgan. Xitoydan 548 nafar fuqarolarimiz evakuatsiya qilindi, hozir ular ikki haftalik karantinda. O‘zbekistonda zarur dori-darmonlar va himoya vositalari mavjud”, - deb ta’kidladi Yusupaliyev.
Toshkent Xitoyga bir martalik steril tibbiy qo‘lqoplar, himoya qiluvchi kombinezon, yuz uchun filtrlovchi niqob, maxsus tibbiy forma, tibbiy niqoblar va boshqa himoya vositalarini yubormoqda.
“Aynan shunday murakkab vaziyalarda davlatlar o‘rtasida haqiqiy do‘stona munosabat namoyon bo‘ladi”, - deb xulosa qildi vazirning birinchi o‘rinbosari.
Avvalroq, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish uchun tashkil etilgan shtabda, 10-fevral holatiga 771 kishi profilaktik karantinda bo‘lganligi haqida xabar berilgan. Xavfli kasallik deb gumon qilingan uch mingdan ortiq kishi tekshirildi. Hozirgacha biron bir yuqtirish holati qayd etilmadi.