Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini belgilab berdi

O‘zbekiston prezidenti korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan sohalarda bu illatdan qutulish bo‘yicha dastur ishlab chiqib, ijrosini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi
Sputnik

TOShKENT, 11 fev - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Bosh prokuror oliy ta’lim sohasida korrupsiya tarqalgan yo‘nalishlarni sanab o‘tdi

Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiya oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra barvaqt oldini olishga o‘tish kerakligini ta’kidlab, unga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tuzishni taklif qilgan edi. Yig‘ilishda ushbu yangi tuzilmani tashkil etish masalalari muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Korrupsiya iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun eng asosiy to‘siqlardan biridir. Tahlillarga ko‘ra, bu illat jahon iqtisodiyotiga har yili o‘rtacha 2,6 trillion dollar zarar keltiradi.

Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan yuritiladigan "Korrupsiyani tasavvur qilish 2019" indeksida O‘zbekiston 25 ball bilan 5 pog‘onaga yuqorilagan va 153 o‘rinni egallagan edi.

O‘zbekistonliklar fikricha, korrupsiya eng ko‘p tarqalgan sohalar bu: sog‘liqni saqlash, ta’lim, bank, bojxona, sud, prokuratura, ichki ishlar, kommunal xizmat sohalarida, shuningdek, fuqarolarni ishga qabul qilish hisoblanadi.

O‘zbekiston korrupsiya reytingida nechanchi o‘rinda?

Ta’kidlanishicha, korrupsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yo‘li davlat organlari faoliyati va ish jarayonlarini shaffof qilishdir. Bunda eng asosiy e’tiborni ishga olish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni ta’minlashga qaratish lozim.

Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda vazirlik, kompaniya va hokimliklarda ichki korrupsiyaga qarshi choralarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi "komplayens nazorat" tizimini joriy etish vazifasi qo‘yilgan.

Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, davlat xizmatchilari mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tiziminining barcha tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqib, amaliyotga kiritish shartligi ta’kidlangan.

Mutasaddilarga xorijiy tajriba asosida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilmani tashkil etishga doir hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berilgan. Mazkur tuzilma nafaqat bu borada davlat siyosatini amalga oshirishi va muvofiqlashtirishi, balki korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha kuch va vositalarga ega bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.