Iyun oyiga qadar "Umra safari"ga 100 mingdan ziyod o‘zbekistonliklar yuboriladi

Umra safariga joriy navbatlarni tugatish maqsadida, 10-mart sanasidan Toshkent-Madina-Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha 3-reys yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan
Sputnik

TOShKENT, 11 fev - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekistonda umra safariga shu kechayu-kunduzda 200 mingdan ziyod talab bor. 22-iyunga qadar yuz mingdan ortiq fuqarolar Umra ziyoratiga olib boriladi, dedi jurnalistlarga seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov.

Umra: Toshkent-Madina birinchi charter aviaparvozlar yo‘lga qo‘yildi

Komilov umra masalalari ilgarilari muayan cheklovlarga ega bo‘lgani, 2017-yilga qadar yiliga 6 ming atrofida fuqarolar umra ziyoratiga borganliklari, 2017 yildan ushbu ko‘rsatkich 10 mingtaga chiqarilganini va so‘ngra O‘zbekiston prezidentining tashabbuslari bilan umra ziyorati bo‘yicha kvotalar olib tashlanganini eslatib o‘tdi.

"2020 yilning 10-martidan boshlab fuqarolarimizning umra safariga borish istaklarini to‘laqonli bajarish uchun qo‘shimcha 3-reys ham amalga oshiriladi. Birinchi fevraldan kunlik reyslarning bittasi Madina shahriga, yana bittasi Jidda shahriga amalga oshirilmoqda. Uchinchi reys ham xalqimiz istagi asosida Madina shahridagi xalqaro aeroportga qo‘ndiriladi", - deb aniqlik kiritdi Komilov.

Ta’kidlanishicha, din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublika hududlarida umra navbatlarining sezilarli darajada kamayishiga erishilgan. Hozirgi kunda aksariyat viloyatlarda, jumladan, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm, Jizzax, Navoiy va Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy navbatlar tugatilgan.