Navoiydagi ayanchli YTHda haydovchi va bir yoshli go‘dak qurbon bo‘ldi

Navoiyda tezlikni oshirib harakatlangan haydovchi ikki kishining umriga zomin bo‘ldi. YTHda 1 yoshli chaqaloq ham qurbon bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 10 fev – Sputnik. Navoiydagi ayanchli YTH oqibatida haydovchi va bir yoshli go‘dak qurbon bo‘ldi.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 9-fevral kuni 24 yoshli R.N. “Lacetti” avtomobilini Konimex tumani hududidan o‘tuvchi A-379 “Zarafshon-Navoiy” avtomobil yo‘li bo‘ylab boshqargan. Yo‘lning 154 km.da belgilangan tezlikni oshirgan holda harakatlanayotganda boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ngra qarama-qarshi harakat yo‘nalishiga chiqib ketgan va 23 yoshli N.J. ning boshqaruvida bo‘lgan “Nexia” rusumli avtomashinasi bilan to‘qnashgan.

“Natijada “Nexia” rusumli avtomashina haydovchisi N.J. voqea joyida va avtomashina yo‘lovchisi 1 yoshli chaqaloq A.Sh. Zarafshon shahar tibbiyot birlashmasida vafot etgan”, - deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston JKning 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.