O‘zbekistonda necha kishi ishsiz – Mehnat vazirligi ma’lumotlari

Dekabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazilgan. Bunda 108 ta shahar va tuman aholisi ishtirok etgan.
Sputnik

TOShKENT, 9 fev — Sputnik. 2019-yil oxirida 1, 33 million kishi ishga muhtoj bo‘lgan. 16-30 yoshli aholi o‘rtasida ishcizlik 15 foizni, ayollar o‘rtasida 12,8 foizni tashkil etadi.  Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar qildi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 9,0 foizni tashkil etgan, bu esa 2018 yilga nisbatan 0,3 foizga pasayganligini ko‘rsatgan.

2019 yilda mehnat resurslari soni 19 milliondan oshiqroq kishiga yetdi, Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13, 5 million kishini tashkil qildi.

2019 yilda ilk bor rasmiy sektorda band aholi soni 2018-yilga nisbatan 3,7 foizga ko‘payib, 5,7 million kishini tashkil qildi.

O‘zbekiston yoshlarini qiynayotgan eng katta muammo nima

Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni (mehnat migrantlarini hisobga olmaganda) 5, 37 million kishini tashkil etdi. Ish o‘rinlarini legallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida norasmiy vaqtinchalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar 19,6 mingga, ro‘yxatdan o‘tmasdan va tegishli ruxsatnomasiz faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar 42,8 mingga kamaygan.

2019 yilda iqtisodiy nofaol aholi sonining kamayishi kuzatildi. Jumladan, ishlashni xohlamayotganlar yoki darhol ishga joylashishga imkoniyati yo‘qlar 73,9 mingga yoki 9,6 foizga kamaygan, bu esa aholining mehnat va tadbirkorlik faolligi ortganligini bildiradi.

2019 yilda tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga 773,4 ming fuqaro ish topishga yordam so‘rab murojaat qilgan (ular orasida 30 yoshgacha bo‘lganlar soni 218 ming nafarni tashkil etgan). Murojaatchilarning 356,9 ming nafari ish bilan ta’minlandi. 263,2 ming kishi jamoat ishlariga, 36,7 ming nafar fuqaro kasbga o‘qitishga jalb qilindi. 57,9 ming nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.

Ma’lumotlar 2019-yilning dekabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan mamlatkatning 485 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xo‘jaligi va 25,8 ming nafar fuqaro qamrab olingan ijtimoiy so‘rovnoma davomida yig‘ilgan. Bunda 108 ta shahar va tuman aholisi ishtirok etdi.