Koronavirus tufayli O‘zbekistonda niqoblar defitsiti yuzaga keldi

Respublika viloyatlaridagi 70% dorixonalarda allaqachon niqob qolmagan. Toshkent shahrida niqoblar narxi 1000 so‘mdan 5000 so‘mgacha ekanligi qayd etilgan.
Sputnik

TOShKENT, 8 fev - Sputnik. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi respublika hududlaridagi dorixonalarda sotilayotgan niqoblar narxini o‘rgandi.

O‘zbekistonda koronavirus tufayli kuzatuvga olingan kishilar soni ma’lum bo‘ldi  

"Dorixonalar odamlarning sog‘lig‘i uchun emas, balki allaqachon mo‘maygina daromad ko‘radigan shaxsiy biznesga aylanib ulgurgan. Buning yorqin dalili esa, dunyoda koronavirus epidemiyasi haqidagi xabarlar tarqalganidan so‘ng niqoblar narxi avtomatik tarzda ko‘tarilganidan ko‘rish mumkin", - deyiladi xabarda.

Xabarda qayd etilishicha, Respublika markazi Toshkent shahrida allaqachon niqoblar defitsiti yuzaga kelgan (60% dorixonalar). Niqoblar narxi 1000 so‘mdan 5000 so‘mgacha.

Toshkent viloyatining 60 % dorixonalarida niqoblar 1500-2000 so‘mgacha sotilmoqda.

Namangan viloyatining teng yarim dorixonalarida niqoblar narxi 2000 so‘mni tashkil qilsa, Farg‘ona viloyatidagi 50% dorixonalarda 1000 so‘mni, Andijon viloyatining deyarli barcha dorixonalarida esa 1000-1500 so‘mni tashkil qilmoqda.

Xorazm viloyatida o‘rtacha ko‘rsatkich 1500 so‘m bo‘lsa-da, ammo 70% dorixonalarda niqob yetishmovchiligi mavjud.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrining 90%, Navoiy viloyatining 70 %, Siradryo viloyatining 85-90% dorixonalarida niqob tugagan yoki umuman yo‘q.

Buxoro viloyatidagi 70% dorixonalarda niqob 1500-2000 so‘mgacha sotilmoqda.

Jizzax viloyatidagi dorixonalarda niqoblar narxi 500 so‘mdan 5000 so‘mgacha qayd etilgan.