O‘zbekistonda koronavirus tufayli kuzatuvga olingan kishilar soni ma’lum bo‘ldi  

Bugungi kunda O‘zbekistonda tashkil qilingan karantin markazida 724 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.
Sputnik

TOShKENT, 7 fev - Sputnik. Bugungi kunda O‘zbekistonda 724 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda, deb xabar qilmoqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi qoshida tuzilgan koronavirusga qarshi kurash markaziy shtabi.

“Xitoydan kelgan 724 fuqaro tibbiy kuzatuvda, 2200ga yaqin kishida kuzatuv yakunlandi”, - deyilgan markaziy shtab xabarida.

Shuningdek, Hukumat komissiyasi qarori bilan joriy yilning 4-6 fevral kunlari O‘zbekistonga Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahridan 2 ta hamda Uxan provinsiyasidan 1 ta charter reyslar orqali jami 584 nafar fuqarolarimiz olib kelindi. Fuqarolarning barchasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi va 14 kun muddat davomida (kasallikning yashirin davri davomida) tibbiy nazoratga olindi. Fuqarolar uchun maxsus tayyorlangan muassasalarda barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan, deyilgan xabarda.

Undan tashqari, epidemiya e’lon qilinmasdan oldin Xitoydan O‘zbekistonga kelgan 2912 nafar fuqarolar ham qo‘shimcha ko‘rikdan o‘tkazilgan, lekin ular orasida koronavirus infeksiyasi belgilari aniqlanmagan.

“Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan fuqarolar ro‘yxati asosida 2912 nafar fuqarolarimiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shulardan 2188 nafarida kasallikni yashirin davri (14 kun) yakunlangani va tibbiy ko‘rik davomida hech qanday koronavirus infeksiyasi belgilari aniqlanmaganligi bois tibbiy kuzatuv ishlari yakunlandi”, - deyilgan xabarda.