TOShKENT, 6 fev — Sputnik. “Oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumatning 59-sonli qarori qabul qilindi
Qarorga muvofiq, 2020-yil 1-fevraldan:
- davlat granti, shuningdek, stipendiyali to‘lov-kontarkt asosida o‘qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shakli bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar qat’iy belgilangan stipendiya bilan ta’minlanadi (2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno);
- semestr yakuni bo‘yicha fanlardan faqat a’loga o‘zlashtirgan (86 ball va undan yuqori) talabalarning stipendiyalari bazaviy stipendiyaga nisbatan 20 foizga oshiriladi;
- semestr yakuni bo‘yicha fanlardan 30 foiz va undan ortiq qismi qoniqarli bo‘lgan (reyting ko‘rsatkichi – 71 balldan kam) davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalarga keyingi semestrda stipendiya to‘lanmaydi (2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno).
Talabalarga bahosiga qarab stipendiya to‘lash tizimi qaytarilishi mumkin
Qaror bilan oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun stipendiyalarning belgilangan miqdorlari tasdiqlandi:
- O‘zbekiston prezidentining Davlat stipendiyasi – 1 811 191 so‘m;
- Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalari – 1 207 461 so‘m;
- Davlat granti va stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan, barcha fanlar bo‘yicha faqat “a’lo” o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga (reyting ko‘rsatkichi 86 ball va undan yuqori) ega bo‘lgan talabalar uchun – 513 600 so‘m;
- Davlat granti va stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun bazaviy stipendiya – 428 600 so‘m
- 1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga belgilangan stipendiyalarga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda stipendiya tayinlanadi.
Alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtmoiy himoyaga muhtoj talabalarga belgilangan stipendiyalarga nisbatan 50 foiz yuqori miqdorda stipendiya tayinlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘quv yilining ikkinchi yarim yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘zgarishi mumkinligi xabar qilingan edi.