Iqtidorli va ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar qo‘shimcha rag‘batlantiriladi

Iqtidorli, faol hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga ularga belgilangan stipendiyalarga nisbatan qo‘shimcha 50 foizgacha moddiy yordam beriladi.
Sputnik

TOShKENT, 6 fev — Sputnik. 2020-yil 1-fevralidan boshlab, oliy ta’lim muassasalarida Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi shakllantiriladi.  Iqtidorli, faol hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar qo‘shimcha rag‘batlantirilib boriladi. Bu Vazirlar mahkamasining 59-sonli qarorida ko‘zda tutilgan.

Jumladan

- o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari “a’lo” baho (reyting ko‘rsatkichi – 86 ball va undan yuqori) bo‘lgan, stipendiyasiz to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga stipendiya bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida;

- Iqtidorli, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga ularga belgilangan stipendiyalarga nisbatan qo‘shimcha 50 foizgacha miqdorda;

O‘zbekistonda talabalarga stipendiya to‘lashning yangi tartibi va miqdori belgilandi

- xalqaro, respublika va oliy ta’lim miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari g‘oliblariga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda bo‘lgan bir martalik rag‘batlantirish;

- oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq alohida hollarda (kasalligi yoki oila a’zolarining vafoti kabi) talabalarga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda bo‘lgan bir martalik moddiy yordam beriladi.

Jamg‘arma quyidagi manbalardan shakllantiriladi:

- stipendiya to‘lovi uchun rejalashtirilgan mablag‘larning 10 foizi miqdoridagi O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari;

- to‘lov-kontrakt bo‘yicha tegishli moliya yili uchun rejalashtirilgan  tushumlarning 2 foizi miqdoridagi mablag‘lar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda talabalarga stipendiya to‘lashning yangi tartibi va miqdori belgilangani xabar qilingan edi.